"Oppengeymer" — atom bombasi otasi Robert Oppengeymer haqida hikoya qiluvchi rejissyor va ssenariy muallifi Kristofer Nolanning epik buografik trilleri. Kino Kay Byord va Martin Shervinning "Oppengeymer" nomli kitobiga asoslangan. "Oppengeymer" jahon prokatida 950 million AQSh dollaridan ortiq daromad olib, 2023-yilning eng kassabop filmlari ro'yxatida kuchli uchlikdan joy oldi. Shuningdek, inflyatsiyani hisobga olmaganda, ikkinchi jahon urushi haqidagi eng yuqori daromad keltirgan filmga ham aylandi. Oldinroq, mazkur rekord Nolanning boshqa bir kinosi "Dunkerk" (2017)ka tegishli edi. Uning kichik premyerasi 2023-yil, 12-iyul kuni Parijda bo'lib o'tdi. Katta prokatga esa 21-iyulda chiqarildi. Kino byudjeti 100 mln. dollarga teng va davomiyligi 3 soat atrofida. Filmda bosh rolni "Shelbilar oilasi" seriali orqali mashhurlikning yuqori cho'qqisiga chiqqan Killian Myorfi ijro etadi. U Robert Oppengeymer obrazida namoyon bo'ladi. Shuningdek, kinoda Emili Blant (Ketrin Oppengeymer), Mett Deymon (Lesli Grovs), kichik Robert Dauni (Lyusi Shtrauss), Florens Pyu (Jin Tetlok), Rami Malek (Devid Xill), Gari Oldman (Garri Truman), Tom Konti (Albert Eynshteyn) kabi bir qator yulduzlarni ko'rish mumkin. 2024-yil yanvar oyida o'tkazilgan "Oltin Globus" taqdimot marosimida "Oppengeymer" beshta yo'nalish bo'yicha g'oliblikni qo'lga kiritdi: eng yaxshi film, Killian Myorfi (eng yaxshi rol), Kristofer Nolan (eng yaxshi rejissyor), kichik Robert Dauni (eng yaxshi ikkinchi darajali rol), Lyudvig Gronson (eng yaxshi saundtrek).