DC Studios rahbari va rejissyor Jeyms Gann rasman ma’lum qildi — yangi “Supermen 2” filmining suratga olish ishlari boshlandi. Shu bilan birga u loyiha maydonchasidan ilk rasmni ham ulashdi va bu kadr muxlislar orasida katta muhokamalarga sabab bo‘ldi.
E’lon qilingan suratga qaraganda, hozirda film uchun Leks Lyutor qamoqda bo‘lgan sahnalar tasvirga olinmoqda. Demak, birinchi film voqealaridan keyin mashhur yovuz qahramon yana hikoyaning markaziy qismlaridan biriga aylanadi. Ko‘pchilik muxlislar buni davom filmidagi asosiy qarama-qarshilik sifatida baholamoqda.
Yangi qism “Man of Tomorrow” nomi ostida ekranlarga chiqadi. Film Supermenning yangi DC olamidagi hikoyasini davom ettiradi va qahramonning insoniyat bilan munosabatlari, yangi xavflar hamda Lex Lyutor bilan kurashini yanada chuqurroq ochib berishi kutilmoqda.
Birinchi film muvaffaqiyatidan keyin Jeyms Gann ushbu franshizani yangi DC Universe’ning asosiy tayanch loyihasi sifatida ko‘rmoqda. Shu sabab ikkinchi qismga katta umidlar bog‘lanmoqda.
“Supermen 2: Man of Tomorrow” filmi 2027-yil iyul oyida xalqaro prokatga chiqadi.
