Marvel’ning “Qasoskorlar: Qiyomat kuni” (Avengers: Doomsday) filmi premyerasi yaqinlashgani sari kutilmagan qahramonlarning qaytishi haqidagi mish-mishlar ko‘paymoqda. Eng katta muhokamalar esa uchta O‘rgimchak odam atrofida ketmoqda.Marvel avvalroq qariyb olti soat davom etgan maxsus translyatsiyada filmning 27 nafar aktyorini e’lon qilgan edi. Ro‘yxatdan Qasoskorlar, Fantastik to‘rtlik va X-Men vakillari joy olgan, biroq Tobey Maguayr, Endryu Garfild va Tom Holland nomlari tilga olinmagan. Bu esa studiya ayrim syurprizlarni premyeragacha yashirayotgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlarni kuchaytirdi.Mish-mishlarning markazida ayniqsa Tobey Maguayr turibdi. Insayderlar aktyor “Qasoskorlar: Qiyomat kuni”da yana Piter Parker sifatida paydo bo‘lishi va bu safar yangi kostyum kiyishi mumkinligini da’vo qilmoqda. Hatto Maguayrning ayrim sahnalari kostyum tayyor bo‘lmagani sabab motion capture kiyimida suratga olingani haqida ham xabarlar tarqalgan. Ammo Marvel bu ma’lumotlarning birortasini rasman tasdiqlamagan.Agar Maguayr haqiqatan qaytsa, bu uning 2002-yildan beri O‘rgimchak odam sifatidagi beshinchi katta ekran chiqishi bo‘ladi. Shuningdek, aktyorning “Qasoskorlar: Maxfiy urushlar” (Avengers: Secret Wars) filmida ham ishtirok etishi mumkinligi aytilmoqda.Endryu Garfild esa “Doomsday”da qatnashishi haqidagi gaplarni rad etgan. Shunga qaramay, uning “Secret Wars”da qaytishi mumkinligi to‘g‘risidagi mish-mishlar davom etmoqda.