Musiqa olamining eng mashhur va ziddiyatlarga boy yulduzi, o‘z ismini 2021-yilda Ye deb o‘zgartirgan reper, yangi film uchun olti yil davomida kamera qarshisida o‘z hayotini namoyon etdi. In Whose Name? (o‘zbekchada: “Kimning nomiga?”) deb nomlangan ushbu loyiha reperning qiyinchilik va yutuqlarga to‘la hayotini ochib beradi.Film rejissori — Nikolas Ballesteros. Uning loyihaga kirishgan vaqti 18 yoshda edi, ammo shu yoshida Ye bilan shaxsiy va kutilmagan kadrlarni to‘plashga muvaffaq bo‘lgan. Qizig‘i shundaki, ular butun filmni asosan iPhone orqali suratga olishgan. Loyiha haqida ma’lumotlar bir-biriga zid ko‘rinadi: bir manbada budjet 1 milliard dollar deb qayd etilsa, yana bir manba bu mablag‘ aslida Ye’ning umumiy boyligi ekanini taxmin qilmoqda.Filmda Ye qanday qilib Amerika tarixidagi eng badavlat qora tanli shaxsga aylangani va o‘z ozodligi uchun barcha narsasini xavf ostiga qo‘ygani haqida so‘z yuritiladi. Korporativ ekspluatatsiya, irqiy ajratishlar va Amerika orzusiga xos muammolar bu asarda muhim mavzular sifatida yoritilgan. Tomoshabinlar Kim Kardashyan, Julia Foks va Ye’ning farzandlarini ham filmda ko‘rishlari kutilmoqda. Utopia va Goodfellas kompaniyalari filmning xalqaro distribyutorlik huquqini qo‘lga kiritib, uni keng auditoriyaga taqdim etishga tayyor.In Whose Name? — bu Ye haqida ishlangan birinchi film emas. 2022-yilda Netflix platformasida Jeen-yuhs: Kanye trilogiyasi nomli hujjatli seriya chiqqan edi, unda uning uzoq yillik do‘sti Kudi operatorlik va rejissyorlik qilgan. Lekin yangi filmda Ye yana-da chuqurroq jihatlari bilan ochiladi. Rasmiy premyera sanasi hozircha aniq emas, ammo noyabr oyi boshida promo-rolikning chiqishi kutilmoqda.