Barcha yangiliklar

“Garri Potter va Falsafa toshi” 25 yoshda

“Garri Potter va Falsafa toshi” 25 yoshda

Dunyodagi eng mashhur sehrgar haqidagi afsona — “Garri Potter va Falsafa toshi” filmi bu yil o‘zining 25 yilligini nishonlamoqda. Shu munosabat bilan Warner Bros. tomoshabinlar uchun maxsus sovg‘a tayyorladi.


Kompaniya filmni yana katta ekranlarga qaytarishga qaror qildi. 27-avgustdan 3-sentabrgacha “Garri Potter va Falsafa toshi” ko‘plab mamlakatlar kinoteatrlarida qayta namoyish etiladi. Eng qiziq tomoni — filmga ilgari hech qayerda ko‘rsatilmagan 10 daqiqalik sahna orti materiallari qo‘shiladi.


Bu noyob kadrlar suratga olish jarayonidan, aktyorlarning tayyorgarligi va ilk kasting lahzalaridan lavhalarni o‘z ichiga oladi. Tomoshabinlar kichkina Daniel Radkliff, Emma Uotson va Rupert Grintning kino olamiga ilk qadamlarini yana bir bor ko‘rish imkoniga ega bo‘lishadi.


Warner Bros. yubiley munosabati bilan maxsus poster ham taqdim etdi. Unda Hogvarts qal’asi, asosiy qahramonlar va sehrli muhit yanada nostaljik ruhda aks ettirilgan.


Eslatib o‘tamiz, “Garri Potter va Falsafa toshi” 2001-yilda ekranlarga chiqqan va butun dunyo bo‘ylab 970 million dollardan ortiq daromad to‘plagan. Aynan shu film Garri Potter franshizasining ulkan muvaffaqiyatiga yo‘l ochib bergan.


25 yillik yubiley nafaqat muxlislar uchun, balki butun kino sanoati uchun muhim voqea. Chunki aynan shu film sehr, sarguzasht va bolalik xotiralarini birlashtirgan holda, bir necha avlod tomoshabinlarini katta kino bilan oshno qilgan edi.