Yilning eng yomon filmi uchun taqdim etiladigan “Oltin malina” mukofoti nomzodlari e’lon qilindi.
Nominatsiyalar bo‘yicha yetakchilar: Disney’ning “Oppog‘oy” filmi va Timur Bekmambetov prodyuserlik qilgan “War of the Worlds” remeyki bo‘ldi.
“Oppog‘oy” eng yomon film, eng yomon remeyk, eng yomon rejissyorlik va eng yomon ssenariy nominatsiyalarida da’vogar hisoblanadi. CG yordamida yaratilgan yetti gnom bir vaqtning o‘zida ikki nominatsiyaga sazovor bo‘ldi: “Eng yomon ikkinchi plandagi rol” va “Eng yomon aktyorlar kombinatsiyasi”.
Ays Kyub va Yeva Longoriya bosh rollarni ijro etgan “War of the Worlds” kinokartinasi eng yomon film, remeyk, rejissyorlik, ssenariy, aktyorlar kombinatsiyasi nominatsiyalarida, shuningdek, aktyorlik nominatsiyasida ham “Oltin malina” uchun kurashadi.
Eng yomon film bo‘lish uchun boshqa da’vogarlar orasida:
“Hurry Up Tomorrow” psixologik trilleri
“Star Trek: Section 31” fantastik jangari filmi
Netflix’ning sarguzasht janridagi “The Electric State”, unda bosh rolni “Stranger Things” seriali bilan tanilgan Milli Bobbi Braun ijro etadi.
“Oltin malina” g‘oliblari Oskar taqdirlash marosimidan bir kun oldin e’lon qilinadi.
