Barcha yangiliklar

“Oxirat loyihasi” Amazon MGM tarixidagi eng kuchli startni ko‘rsatdi

“Oxirat loyihasi” Amazon MGM tarixidagi eng kuchli startni ko‘rsatdi

Amazon MGM studiyasi uchun yangi rekord o‘rnatildi. “Oxirat loyihasi” (Project Hail Mary) nomli fantastik film kinoteatrlarda namoyish etilishi bilan studiya tarixidagi eng muvaffaqiyatli startni qayd etdi.


200 million dollarlik byudjetga ega film ilk hafta oxiridayoq 140,9 million dollar yig‘di. Shundan 80,5 million dollari AQSh prokatidan tushgan. Natijada kartina 2026-yilning eng kuchli kinodebyutlaridan biriga aylandi.


Qizig‘i shundaki, pandemiyadan keyin jahon prokatida 50 million dollardan ortiq start qilgan, franshiza yoki sikvel bo‘lmagan filmlar juda kam. “Oxirat loyihasi” ana shunday loyihalar qatoriga kirib, “Oppengeymer”, “F1” va “Hammasi biz bilan tugaydi” kabi filmlar bilan bir qatorda tilga olinmoqda.


Film mashhur yozuvchi Endi Uirning shu nomdagi romani asosida suratga olingan. Kartinada bosh rolni Rayan Gosling ijro etadi. U koinotdagi sirli hodisani o‘rganib, insoniyatni qutqarish missiyasiga yuborilgan olim obrazini gavdalantiradi.


Suratga olish jarayonida aktyorga aynan romanning muallifi Endi Uir yordam bergan. Yozuvchi tez-tez maydonda bo‘lib, Goslingga murakkab ilmiy hisob-kitoblarni tushuntirib bergan. Ba’zi sahnalarda aniqlik shu qadar muhim bo‘lganki, Uir formulalarni aktyorga yashirin naushnik orqali o‘qib bergan, Gosling esa ularni takrorlab sahnani ijro etgan.


Aktyor keyinchalik intervyularida bu jarayonni hazil bilan eslab, astrofizika borasida o‘zini mutaxassis deb hisoblamasligini, shuning uchun haqiqiy olim yordamiga suyanishdan faqat xursand bo‘lganini aytdi.


“Oxirat loyihasi” ilmiy fantastika, dramatik sarguzasht va insoniyat taqdiri haqida hikoya qiluvchi film sifatida 2026-yilning eng muhokama qilinayotgan kinolaridan biriga aylanib ulgurdi.