Sherlok Xolms olami yana kengaymoqda, ammo bu safar voqealar mashhur detektiv atrofida emas, balki uning eng xavfli raqibi — professor Jeyms Moriarti atrofida rivojlanadi.
Fremantle va Archery Pictures kompaniyalari “Moriarty” nomli yangi serial ustida ish boshlaganini rasman e’lon qildi. Loyiha detektiv janriga zamonaviy yondashuv sifatida taqdim etilmoqda va unda Moriarti odatiy yovuz qahramon emas, balki murakkab xarakterga ega antiqahramon sifatida tasvirlanadi.
Serial syujetiga ko‘ra, Jeyms Moriarti Durham universitetida kriminal psixologiya professori sifatida faoliyat yuritadi. Biroq uning ikkinchi, yashirin hayoti ham bor — u Shimoliy Angliyadagi eng murakkab jinoyatlarning ortida turgan daho jinoyatchidir. Vaziyat keskinlashgach, Moriarti o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun politsiya bilan hamkorlik qilishga majbur bo‘ladi.
Loyiha mualliflari Kris Kornuell va Oliver Lensli bo‘lib, ular serialni klassik Sherlok olamining zamonaviy talqini sifatida yaratmoqda. Hozircha Moriarti rolini qaysi aktyor ijro etishi noma’lum.
So‘nggi yillarda Sherlok Xolms haqidagi turli spin-offlar soni ortib borayotgan bo‘lsa-da, bu loyiha ilk bor e’tiborni to‘liq Moriarti obraziga qaratayotgani bilan ajralib turadi. Endi tomoshabinlar mashhur “jinoyatlar Napoleoni”ning hikoyasini uning nuqtayi nazaridan ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
