Barcha yangiliklar

“Qasoskorlar: Intiho” kinoteatrlarga yangi versiyada qaytadi

“Qasoskorlar: Intiho” kinoteatrlarga yangi versiyada qaytadi

Marvel Studios tarixidagi eng muvaffaqiyatli filmlardan biri bo‘lgan “Qasoskorlar: Intiho” (Avengers: Endgame) yana katta ekranlarga qaytmoqda. Film bu safar “Avengers: Endgame Encore” - “Qasoskorlar: Intihoning qaytishi” nomi ostida xorij kinoteatrlarida qayta namoyish etiladi.

Yangi versiya nafaqat filmning qayta namoyishi bo‘ladi. Tomoshabinlar Marvel kinematografik olamining navbatdagi bosqichiga ishora qiluvchi Doktor Dum (Doctor Doom) bilan bog‘liq yangi sahnalarni ham ko‘rishadi. Bundan tashqari, film boshida maxsus intro qo‘shiladi.

Infinity Vision va IMAX formatlarida filmni tomosha qiladigan muxlislar uchun yana bir eksklyuziv sovg‘a tayyorlangan. Aynan shu formatlarda namoyish etiladigan versiyaga ilgari hech qayerda ko‘rsatilmagan yangi postkredit sahnasi ham qo‘shiladi.

“Qasoskorlar: Intiho” 2019-yilda premyera qilingan va qariyb 2,8 milliard dollar daromad to‘plab, kino tarixidagi eng kassabop filmlardan biriga aylangan. Bugungi kungacha u Marvel Studios'ning eng muhim loyihalaridan biri hisoblanadi.

“Avengers: Endgame Encore” xorij kinoteatrlarida 25-sentabr kuni namoyish etila boshlaydi. Marvel muxlislari esa yangi versiya kelajakdagi filmlar, xususan Doktor Dum ishtirok etadigan voqealar uchun qanday ishoralarni o‘z ichiga olishini katta qiziqish bilan kutmoqda.