Barcha yangiliklar

Disney “Lilo va Skretch” qisqa metrajli multfilmini taqdim etadi

Disney “Lilo va Skretch” qisqa metrajli multfilmini taqdim etadi

Disney “Lilo va Skretch” (Lilo & Scratch) nomli yangi qisqa metrajli animatsion filmning ilk posterini namoyish etdi. Loyiha “Lilo va Stich” olamiga qaytadi va voqealar original multfilm yakunidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘ladi.

Syujet markazida Stich va yangi qahramon — Skretch ismli mushuk bo‘ladi. Lilo uyiga olib kelgan mushuk Padj (Pudge) ismli baliqni yeb qo‘ymoqchi bo‘ladi, Stich esa uni har qanday yo‘l bilan himoya qilishga urinadi. Shu tariqa qahramonlar o‘rtasida kulgili va tartibsiz sarguzashtlar boshlanadi.

Qisqa metrajli filmda Chris Sanders yana Stich obraziga ovoz beradi, Lilo rolini esa 2025-yildagi jonli ijrodagi film yulduzi Maya Kealoxa ijro etadi. Disney yangi loyiha orqali original multfilmning akvarel uslubini zamonaviy 3D va 2D animatsiya texnologiyalari bilan uyg‘unlashtirgan.

“Lilo va Skretch” AQSH kinoteatrlarida 25-noyabrdan boshlab “Hexed” animatsion filmi oldidan namoyish etiladi. Bu Disney'ning so‘nggi besh yil ichidagi ilk kinoteatr uchun yaratilgan qisqa metrajli animatsion filmi hisoblanadi.