“Forsaj” franshizasining yakuniy filmi — “Fast Forever” ustida suratga olish ishlari rasman boshlandi. Bu haqda bosh rol ijrochisi va prodyuser Vin Dizel o‘zining ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifasida ma’lum qildi hamda suratga olish maydonchasidan ilk videoni ulashdi.
“Fast Forever” franshizaning 11-qismi bo‘lib, asosiy syujetni yakunlovchi film sifatida taqdim etilmoqda. Premyerasi 2028-yil 17-mart kuni xorij kinoteatrlarida bo‘lib o‘tadi.
Garchi ushbu film “Forsaj” tarixidagi so‘nggi asosiy qism bo‘lsa-da, franshiza shu bilan yakunlanmaydi. Avvalroq Vin Dizel to‘rtta yangi serial ishlab chiqilayotganini tasdiqlagan edi. Ular Peacock platformasida namoyish etilishi rejalashtirilgan va “Forsaj” olamini yangi qahramonlar hamda voqealar bilan kengaytiradi.
Hozircha “Fast Forever” syujeti sir tutilmoqda. Biroq Vin Dizel film muxlislar kutganidek hissiyotlarga boy va munosib yakun bo‘lishini ta’kidlagan.
