Tom Holland ishtirokidagi “O‘rgimchak odam: Yangi kun” hali kinoteatrlardagi namoyishini yakunlamagan bo‘lsa-da, Sony filmni kengaytirilgan versiyada qayta prokatga chiqarishni rejalashtirmoqda.
Deadline ma’lumotlariga ko‘ra, yangi versiyaga original montajdan olib tashlangan bir nechta sahnalar qo‘shiladi. Ular orasida Rozario Douson ishtirokidagi epizod ham bor. Aktrisa Marvel seriallarida tanish bo‘lgan Kler Templ obraziga qaytgan, biroq uning sahnasi filmning kinoteatr versiyasiga kiritilmagan edi.
Douson avvalroq “O‘rgimchak odam: Yangi kun” uchun sahna suratga olganini, ammo yakuniy montajdan chiqarib tashlanganini o‘zi ham tasdiqlagan. Endi tomoshabinlar bu epizodni katta ekranda ko‘rishlari mumkin. Deadline manbalariga ko‘ra, Kler Templ sahnasi yangi versiyadagi yagona qo‘shimcha bo‘lmaydi — yana boshqa syurprizlar ham tayyorlanmoqda.
Hozircha qayta prokatning aniq sanasi noma’lum. Buning sabablaridan biri — filmning amaldagi kinoteatr namoyishi hali ham davom etayotgani.
Shunday qilib, “O‘rgimchak odam: Yangi kun”ni allaqachon tomosha qilgan muxlislarda uni katta ekranda yana bir bor, bu safar yangi va avval ko‘rsatilmagan sahnalar bilan ko‘rish uchun sabab paydo bo‘lishi mumkin.
