Barcha yangiliklar

Paramount va Warner Bros. endi bitta kompaniya — Skydance tarkibida bo‘ladi

Paramount va Warner Bros. endi bitta kompaniya — Skydance tarkibida bo‘ladi

Gollivuddagi eng yirik birlashuvlardan biri yakunlanish arafasida. Paramount Skydance va Warner Bros. Discovery birlashgach, yangi kompaniya “Skydance” deb nomlanadi.

Bu haqda Paramount rahbari Devid Ellison ma’lum qildi. Uning tushuntirishicha, yangi korporativ nom tanlanayotganda Paramount va Warner Bros. kabi tarixiy studiyalarning o‘z identifikatsiyasini saqlab qolish asosiy maqsadlardan biri bo‘lgan.

Shuning uchun Paramount va Warner Bros. nomlari yo‘qolmaydi. Ikkala studiya ham o‘z nomi va brendi ostida faoliyatini davom ettiradi, Skydance esa ularni birlashtiruvchi bosh kompaniya nomiga aylanadi.

Birlashuv natijasida Gollivudning ulkan media imperiyalaridan biri shakllanadi. Yangi kompaniya tarkibiga Paramount va Warner Bros. kinostudiyalaridan tashqari HBO, HBO Max, Paramount+, CBS, CNN, DC Studios, Nickelodeon, MTV va boshqa ko‘plab yirik brendlar kiradi. Shu tariqa “Garri Potter”, “Taxtlar o‘yini”, DC olami, “Forsaj emas” — “Mission: Impossible”, “Top Gun” va “Yellowstone” kabi yirik franshizalar ham bitta korporativ tuzilma ostida jamlanadi.

Bitimning umumiy qiymati qarzlarni hisobga olganda qariyb 111 milliard dollarga baholanmoqda. Federal sud birlashuv yo‘lidagi so‘nggi yirik huquqiy to‘siqni ham olib tashladi.

Paramount va Warner Bros. Discovery bitimni 2026-yil 6-oktabrda rasman yakunlashni rejalashtirmoqda. Aynan shundan so‘ng Skydance nomi birlashgan kompaniyaning yangi korporativ identifikatsiyasiga aylanadi.