Barbilend bilan xayrlashishga hali erta. Paramount va Warner Bros. Discovery birlashuvi ortidan Greta Gervigning “Barbi” filmi davomini yaratish bo‘yicha ishlar yana jonlandi.
Variety ma’lumotlariga ko‘ra, yangi kompaniya rahbariyati allaqachon original filmning asosiy ijodkorlari bilan aloqalarni tiklashga kirishgan. Xususan, Margot Robbi va uning LuckyChap prodyuserlik kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar uchun bog‘lanishgan.
Manbalardan biri hatto “Barbi 2”ning suratga olinishi deyarli muqarrar ekanini ta’kidlagan. Shunga qaramay, hozircha film rasman ishlab chiqarishga tushirilgani yoki Greta Gervig rejissyor sifatida qaytishi e’lon qilinmagan.
Davom filmi ustidagi muzokaralar avval moliyaviy masalalar sabab to‘xtab qolgan edi. Warner Bros. so‘nggi uch yil davomida Greta Gervig, Noa Baumbax, Margot Robbi va Rayan Gosling bilan kelishishga urinib, olti martadan ko‘proq taklif bergan, biroq tomonlar shartnoma shartlari bo‘yicha kelisha olmagan.
Muammo g‘oyada emas. Variety avvalroq Gervig va Baumbaxda “Barbi 2” uchun hikoya g‘oyasi allaqachon mavjudligini ma’lum qilgan. Biroq ular yangi shartnomalar imzolanmaguncha uni studiyaga topshirishni istamagan.
2023-yilda chiqqan birinchi “Barbi” jahon prokatida 1,4 milliard dollardan ortiq daromad topib, Warner Bros. tarixidagi eng kassabop filmga aylangan edi.
Endi studiyadagi rahbariyat almashishi filmga ikkinchi imkoniyat bermoqda. Hozircha “Barbi 2”ning suratga olish sanasi, aktyorlar tarkibi va premyerasi noma’lum, ammo Barbilendga qaytish ehtimoli yana jiddiy muhokama qilinmoqda.
