Rojdestvo kutib turishi mumkin — 2026-yil oxirida kinomanlarning boshqa rejalari bor.
Oktabrdan boshlab katta ekranlarga birin-ketin yilning eng kutilgan filmlari chiqadi. Eng qizig‘i, ayrim premyeralar orasida atigi bir hafta farq bor, dekabrda esa ikki ulkan blokbaster bir kunning o‘zida tomoshabin uchun kurash boshlaydi.
Marafon 16-oktabrda “Street Fighter” bilan boshlanadi. Oradan atigi bir hafta o‘tib, 23-oktabrda DC’ning “Clayface” filmi premyera qilinadi.
Noyabr ham bo‘sh kelmaydi. 6-noyabrda “The Cat in the Hat”, 13-noyabrda Jonni Depp ishtirokidagi “Ebenezer” ekranlarga chiqadi.
20-noyabrda “Ochlik o‘yinlari: O‘rim-yig‘im tongi” (The Hunger Games: Sunrise on the Reaping) premyera qiladi. Prekvel voqealari Katniss Everdin hikoyasidan 24 yil avval sodir bo‘ladi va yosh Xeymitch Abernatining 50-Ochlik o‘yinlaridagi ishtirokini ko‘rsatadi.
Shukronalik bayrami arafasida esa bir kunda ikkita katta premyera bor: 25-noyabrda “Focker-In-Law” va Disney’ning “Hexed” animatsion filmi chiqadi.
Dekabr 4-dekabrda “Violent Night 2” bilan boshlanadi. Ammo oyning eng katta kino jangi 18-dekabrga belgilangan: Marvel’ning “Qasoskorlar: Qiyomat kuni” (Avengers: Doomsday) va Deni Vilnyovning “Dyuna: Uchinchi qism” (Dune: Part Three) AQShda aynan bir kunda keng prokatga chiqadi.
Va shu bilan tugamaydi. Rojdestvo kuni — 25-dekabrda “Jumanji: Open World” ekranlarga qaytadi. Yangi filmda Dueyn Jonson, Kevin Hart, Jek Blek va Karen Gillan yana o‘z rollarini ijro etadi.
Demak, 2026-yil oxiridagi asosiy premyeralar:
16-oktabr — Street Fighter
23-oktabr — Clayface
6-noyabr — The Cat in the Hat
13-noyabr — Ebenezer
20-noyabr — The Hunger Games: Sunrise on the Reaping
25-noyabr — Focker-In-Law
25-noyabr — Hexed
4-dekabr — Violent Night 2
18-dekabr — Avengers: Doomsday
18-dekabr — Dune: Part Three
25-dekabr — Jumanji: Open World
Bir savol qoladi: 18-dekabr kuni birinchi qaysi filmga kirasiz — “Qasoskorlar”gami yoki “Dyuna”gami?
