Marvel yilning eng kutilgan filmlaridan biri — “Qasoskorlar: Qiyomat kuni” haqida tobora ko‘proq sirlarni ochmoqda. Russo aka-ukalari filmning davomiyligi, Doktor Doomning rejasi va hali e’lon qilinmagan qahramonlar haqida yangi ma’lumotlar berdi.
Rejissyor Entoni Russoning aytishicha, filmning hozirgi versiyasi taxminan 2 soat 30 daqiqa davom etadi. Bu 2 soat 29 daqiqalik “Qasoskorlar: Cheksizlik jangi” bilan deyarli bir xil.
Shunga qaramay, bu hali yakuniy xronometraj emas. Russo filmni ulkan aktyorlar tarkibiga qaramay, bitta markaziy g‘oya atrofida qurilgan tezkor va aniq hikoya sifatida ta’riflagan.
Yana bir katta sir — Doktor Doom aslida nimani rejalashtirmoqda?
“Avengers: Endgame Encore” uchun namoyish etilgan yangi materiallarda Doomning Bryus Banner bilan bog‘liq hikoyasi ochila boshladi. Jo Russo esa Doomning qiziqishi faqat Banner bilan cheklanmasligini aytib, yana boshqa qahramonlar ham uning rejasining bir qismiga aylanishi mumkinligiga ishora qildi. Kimlar va nima sababdan — hozircha sir.
Doktor Doomning kuchlari ham komikslarga yanada yaqinlashtirilmoqda. Yangi promo lavhalarda uning energiyasi afsonaviy Marvel rassomi Jek Kirbi bilan bog‘liq mashhur “Kirby Krackle” effektida tasvirlangan. Komikslarda qora nuqta va zarralardan iborat bu vizual uslub ulkan kosmik energiyani ifodalash uchun ishlatilgan.
Bundan tashqari, suratga olish maydonidan TVA bilan bog‘liq yangi kadrlar va filmda paydo bo‘ladigan lokatsiyalarning ilk posterlari ham ko‘rsatildi. Bularning barchasi “Qiyomat kuni” voqealari bir nechta olamlar to‘qnashuviga olib kelishini yana bir bor ko‘rsatmoqda.
Eng qizig‘i — aktyorlar tarkibi hali to‘liq ochilmagan. Russo aka-ukalari filmda hozirgacha rasman e’lon qilinmagan qahramonlar borligini tasdiqlashgan. Demak, Marvel eng katta syurprizlarning bir qismini premyeragacha yashirib turibdi.
“Qasoskorlar: Qiyomat kuni” AQSh kinoteatrlarida 2026-yil 18-dekabrda namoyish etiladi.
Hozircha esa eng katta savol bitta: Doktor Doom qahramonlarni nega birma-bir izlamoqda?
