Barcha yangiliklar

007 roli uchun final sinovlari boshlandi

007 roli uchun final sinovlari boshlandi

Dunyoning eng mashhur maxfiy agenti — Jeyms Bond rolini kim ijro etishi tez orada ma’lum bo‘lishi mumkin. Londonda yangi 007 ni tanlash bo‘yicha yakuniy aktyorlik sinovlari boshlandi.

Variety va Deadline ma’lumotlariga ko‘ra, asosiy da’vogarlar orasida Jek Louden, Kallum Terner va Josh O’Konnor bor. Louden “Sekin otlar” (Slow Horses) serialidagi roli bilan mashhur. Terner “Fantastik maxluqlar” filmlarida, O’Konnor esa “Toj” (The Crown) serialida suratga tushgan.

Xabarlarga ko‘ra, final bosqichiga to‘rt nafarga yaqin aktyor taklif qilingan, ulardan birining shaxsi hozircha oshkor etilmagan.

Sinovlar oddiy suhbatdan iborat emas. Nomzodlar jangovar sahnalarni bajarish, kamera qarshisidagi harakati va dialoglarni ijro etish bo‘yicha baholanadi. Chunki yangi Bond nafaqat xarizmatik, balki murakkab tryuklarni ham ishonarli bajara olishi kerak.

Qizig‘i, Loudenning “Sekin otlar” serialidagi hamkasbi Gari Oldman avvalroq aynan uning yangi Bond bo‘lishini istashini aytgan edi. Bu esa aktyor atrofidagi mish-mishlarni yanada kuchaytirdi.

Yangi film rejissyori — “Dyuna” ijodkori Deni Vilnyov. Ssenariyni esa “O‘tkir tig‘lilar” (Peaky Blinders) seriali muallifi Stiven Nayt yozmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Deniel Kreyg 2006-yildan 2021-yilgacha beshta filmda Jeyms Bond obrazini gavdalantirgan. Endi esa franshiza yangi aktyor bilan butunlay boshqa bosqichga o‘tishga tayyorlanmoqda.

Yangi 007 nomi 2026-yil oxirigacha e’lon qilinishi mumkin, biroq studiya hozircha aniq sanani tasdiqlamagan.