Gollivud yulduzi Dueyn Jonson yangi roli uchun yana tashqi qiyofasini butunlay o‘zgartirdi. “Lizard Music” filmi suratga olish maydonidan tarqalgan kadrlarda 54 yoshli aktyor 70 yoshli chol qiyofasida namoyon bo‘ldi.
Aktyorning yangi obrazi muxlislarni hayratda qoldirdi. Maxsus grim yordamida uning yuziga ajinlar qo‘shilgan, sochlari oqartirilgan va tashqi ko‘rinishi ancha yoshi katta insonnikiga moslashtirilgan.
Film amerikalik yozuvchi Deniel Pinkuoterning “Lizard Music” nomli bolalar kitobi asosida suratga olinmoqda.
Syujet markazida tunda televizor tomosha qilayotib, musiqa chalayotgan g‘alati kaltakesaklarga duch kelgan yosh bola turadi. Bu sirli hodisa uni noodatiy sarguzashtlarga boshlaydi. Yo‘l-yo‘lakay u keksa tovuq bilan birga yuradigan g‘aroyib odam bilan do‘stlashadi.
Filmning aktyorlar tarkibi ham yulduzlarga boy. Dueyn Jonson bilan birga Reychel Makadams, Kolman Domingo, Devid Krumholts, Jeff Goldblum, Alisiya Silverstoun va Rejina Holl suratga tushmoqda.
“Lizard Music” Amazon MGM Studios tomonidan ishlab chiqarilmoqda. Filmning AQShdagi premyerasi 2027-yil 25-dekabrga rejalashtirilgan.
Eng qizig‘i, tomoshabinlar Dueyn Jonsonni odatdagi kuchli jangovar qahramon emas, balki mutlaqo boshqa, sirli obrazda ko‘rishlari mumkin.
