Mashhur vampirlar haqidagi “Sumerki” (Twilight) franshizasi yangi formatda qaytmoqda. Netflix ushbu kino olami asosida yaratilayotgan animatsion serialning birdaniga ikki fasliga buyurtma bergan.
Bu haqda Lionsgate kompaniyasi rahbarlari ma’lum qildi. Ularning ta’kidlashicha, loyiha ustidagi ishlar davom etmoqda va ijodiy jarayonda “Sumerki” kitoblari muallifi Stefani Mayer bilan yaqindan hamkorlik qilinmoqda.
Yangi serial “Yarim tun quyoshi” (Midnight Sun) romani asosida suratga olinadi. Eng qizig‘i, unda muxlislarga yaxshi tanish sevgi hikoyasi butunlay boshqa nuqtayi nazardan ko‘rsatiladi.
Agar original “Sumerki” voqealari Bella Svon nigohi orqali hikoya qilingan bo‘lsa, yangi serialda tomoshabinlar hammasini Edvard Kallenning ko‘zi bilan kuzatadi.
Bu safar Edvardning ichki kechinmalari, Bellaga bo‘lgan his-tuyg‘ulari va vampir sifatida duch keladigan ziddiyatlari hikoyaning markazida bo‘ladi. Uning odamlarning fikrlarini o‘qish qobiliyati ham voqealarni boshqacha tomondan ochib berishga imkon yaratadi.
Eslatib o‘tamiz, “Sumerki” filmlarida Edvard Kallen obrazini Robert Pattinson, Bella Svonni esa Kristen Styuart ijro etgan.
Hozircha animatsion serialga kimlar ovoz berishi va uning qachon namoyish etilishi e’lon qilinmagan.
Demak, muxlislar Bella va Edvardning tanish sevgi tarixini bu safar Edvardning o‘zidan eshitish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
