Barcha yangiliklar

Rozamund Payk yangi bodi-horrorda

Rozamund Payk yangi bodi-horrorda

“G‘oyib bo‘lgan qiz” (Gone Girl) filmi orqali tanilgan Rozamund Payk yangi “Yem” (Feed) nomli bodi-horror filmida bosh rolni ijro etadi. Kartina go‘zallik, mashhurlikka intilish va ota-onalarning farzandlariga qo‘yadigan haddan tashqari katta talablari haqida hikoya qiladi.


Syujet markazida gimnastika bilan shug‘ullanuvchi qizini ijtimoiy tarmoqlar yulduziga aylantirishni orzu qiladigan ona turadi. Kunlarning birida u qizi uchun mashhurlik va muvaffaqiyat va’da qiluvchi sirli kollagen qo‘shimchasini sotib oladi.


Ammo oddiy oziq-ovqat qo‘shimchasi bo‘lib ko‘ringan mahsulot ortida qanday xavf yashiringani noma’lum. Qizining kelajagini yaxshilashni istagan ona kutilmagan va dahshatli voqealar girdobiga tushib qoladi.


Film rejissyori — “Akolit” (The Acolyte) seriali ijodkori Lesli Hedlend. Ssenariy muallifi esa Daniella Ayzeks.


Qizig‘i, yangi loyiha 2022-yilda ekranlarga chiqqan Finlandiyaning “Skrejet” (Hatching) dahshatli filmidan ilhomlangan. O‘sha kartinada ham ona va qiz o‘rtasidagi murakkab munosabatlar, mukammallikka intilish va uning qo‘rqinchli oqibatlari tasvirlangan.


Bodi-horror janrining o‘ziga xosligi shundaki, unda dahshat inson tanasidagi g‘ayritabiiy o‘zgarishlar orqali ko‘rsatiladi. “Yem” ham aynan shu uslub yordamida ijtimoiy tarmoqlardagi ideal tashqi ko‘rinishga intilish mavzusini yoritishi kutilmoqda.


Filmning premyera sanasi hozircha e’lon qilinmagan.