Turk seriallarining mashhur aktrisasi Neslihan Atagul endi o‘zini yangi sohada sinab ko‘rmoqda. “Sevgi iztirobi” (Kara Sevda) seriali orqali tanilgan aktrisa o‘zining ilk bolalar kitobini taqdim etdi.
Kitob “Bu uyda haqiqiy falokat bor” (Bu Evde Bir Afet Var) deb nomlanadi. Asar yangi uyga kelib qolgan itning qiziqarli sarguzashtlari haqida hikoya qiladi.
Voqealar davomida to‘rt oyoqli qahramon yangi muhitga moslashishga harakat qiladi va turli kulgili vaziyatlarga tushib qoladi. Kitob kichik yoshdagi o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, hayvonlar haqidagi samimiy va quvnoq hikoyani taqdim etadi.
Neslihan Atagul shu paytgacha asosan kino va seriallardagi rollari bilan tanilgan. Ayniqsa, “Sevgi iztirobi” va “Elchining qizi” (Sefirin Kızı) seriallari unga xalqaro mashhurlik olib kelgan.
Endi esa aktrisa ijodining yangi sahifasini ochib, o‘zini yozuvchi sifatida ham namoyon etmoqda.
“Bu uyda haqiqiy falokat bor” Neslihan Atagulning bolalar adabiyotidagi ilk ijodiy ishi bo‘ldi.
