Mel Gibsonning mashhur “Apokalipsis” (Apocalypto) filmi qariyb 20 yildan so‘ng davom ettirilishi mumkin. Birinchi filmda bosh rolni ijro etgan Rudi Yangblad ikkinchi qismni yaratish uchun muxlislardan yordam so‘ramoqda.
Aktyor ijtimoiy tarmoqlarda videomurojaat e’lon qilib, agar uning posti 1 millionta layk yig‘sa, Yaguar Panjasi obrazini yana ekranlarga qaytarishga va’da berdi.
Yangblad muxlislarni izohlarda Netflix’ni belgilashga ham chaqirdi. Shu orqali u yirik striming platformasining e’tiborini loyihaga qaratmoqchi.
Eslatib o‘tamiz, 2006-yilda chiqqan “Apokalipsis” mayya sivilizatsiyasi davrida yashagan yosh ovchi haqida hikoya qiladi. Dushmanlar uning qishlog‘iga hujum qilgach, qahramon asirga tushadi va oilasini qutqarish uchun hayot-mamot kurashiga kirishadi.
Film dunyo prokatida 120 million dollardan ortiq daromad topgan va uchta “Oscar” mukofotiga nomzod bo‘lgan.
Qizig‘i, birinchi film yakunida Yaguar Panjasi oilasi bilan o‘rmonga qaytadi, ufqda esa Yevropadan kelgan kemalar paydo bo‘ladi. Bu voqea ikkinchi qism uchun yangi hikoyaga asos bo‘lishi mumkin.
Biroq “Apokalipsis 2” hozircha rasman tasdiqlanmagan. Mel Gibson ham, Netflix ham film ustida ishlayotganini e’lon qilmagan.
Hozircha barchasi Rudi Yangblad boshlagan muxlislar kampaniyasiga bog‘liq. Aktyor ikkinchi qismga qiziqish yetarlicha katta ekanini ko‘rsatishga urinmoqda.
