“O‘rgimchak odam” filmlari yulduzi Endryu Garfild ChatGPT’dan foydalanishni to‘xtatganini ma’lum qildi. Bunga aktyorning sun’iy intellekt haqidagi yangi “Sun’iy” (Artificial) filmida suratga tushgani sabab bo‘lgan.
Garfild kartinada OpenAI kompaniyasi bosh direktori Sem Altman rolini ijro etadi. Aktyorning aytishicha, suratga olish jarayonidan so‘ng u ChatGPT’dan foydalanishni darhol to‘xtatgan.
Qizig‘i, Garfild faoliyatida bunday holat avval ham kuzatilgan. U 2010-yilda suratga olingan “Ijtimoiy tarmoq” (The Social Network) filmida Facebook asoschilaridan biri Eduardo Saverin rolini o‘ynaganidan keyin ham ushbu ijtimoiy tarmoqdan foydalanmay qo‘ygan.
Aktyor sun’iy intellektning kelajagi haqida ham fikr bildirib, uning insonlar hayoti, ish o‘rinlari va jamiyatga qanday ta’sir ko‘rsatishi borasida hali ko‘plab savollar mavjudligini ta’kidlagan.
“Sun’iy” (Artificial) filmi 2023-yilda OpenAI kompaniyasi atrofida yuz bergan shov-shuvli voqealarga asoslangan. O‘sha yili Sem Altman kutilmaganda bosh direktor lavozimidan bo‘shatilgan, biroq bir necha kundan so‘ng kompaniya rahbarligiga qaytgan edi.
Kartina aynan shu voqealar ortidagi ziddiyatlar, texnologiya olamidagi hokimiyat uchun kurash va sun’iy intellekt sanoatining murakkab jihatlarini yoritadi.
Filmning AQShdagi dastlabki premyerasi 2026-yil 25-dekabrga, kengroq namoyishi esa 2027-yil yanvariga rejalashtirilgan.
